Namangan viloyatida eksport salohiyatini oshirish va xalqaro standartlarni joriy etish masalalari muhokama qilindi
2026-11-04 11:00:00 / Yangiliklar

✅Namangan viloyatida tadbirkorlik subyektlarining eksport salohiyatini oshirish, mahalliy mahsulotlarning xalqaro bozorlardagi raqobatbardoshligini ta’minlash hamda korxonalarda xalqaro standartlarni joriy etish masalalariga bag‘ishlangan amaliy tadbir tashkil etildi.
✅ Tadbir Texnik jihatdan tartibga solish agentligi tomonidan o‘tkazilib, unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 16-fevraldagi PF–25-son Farmonida tadbirkorlik subyektlari uchun belgilangan yangi imkoniyat va imtiyozlar, shuningdek, texnik jihatdan tartibga solish sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar yuzasidan batafsil ma’lumot berildi.
Qayd etilganidek, 2026-yilning yanvar–avgust oylarida Namangan viloyati korxonalari tomonidan 562 million AQSH dollarlik mahsulot eksport qilinib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 18 foizlik o‘sishga erishilgan. Eksport hajmini yanada oshirish maqsadida hududdagi korxonalarda mavjud muammolar o‘rganilib, standartlashtirish, metrologiya, sertifikatlashtirish va mahsulotlarni sinovdan o‘tkazish yo‘nalishlarida amaliy yordam ko‘rsatib kelinmoqda.
Bugungi kunga qadar viloyatdagi 360 ta korxonada xalqaro menejment tizimi standartlari joriy etilgan. Xususan, ISO 9001, ISO 14001, ISO 45001, ISO 22000, FSSC 22000, OEKO-TEX, GOTS, BSCI va SEDEX kabi xalqaro standartlarning tatbiq etilishi mahalliy ishlab chiqaruvchilarning tashqi bozorlar talablariga moslashishi va eksport geografiyasini kengaytirishiga xizmat qilmoqda.
Ayniqsa, to‘qimachilik sanoatida xalqaro standartlarni joriy etish va eksport bozorlarini kengaytirish borasida muayyan natijalarga erishilmoqda. 2025–2026-yillarda 237 ta korxona tomonidan 904,1 million dollarlik to‘qimachilik mahsulotlari eksport qilingan. Shundan 42 ta korxona tomonidan AQSH va Yevropa bozorlariga 67,1 million dollarlik mahsulot yetkazib berilgan.
Tadbirda xalqaro standartlarni joriy etishning korxonalar faoliyatiga ta’siri va iqtisodiy samaradorligi ham aniq misollar orqali ko‘rsatib berildi. Jumladan, “Osiyo Home” korxonasida eksport hajmi 3,5 million dollardan 5,2 million dollarga, “Asror tekstil sanoat” MChJda esa 3,6 million dollardan 6,8 million dollarga oshgani ta’kidlandi.
Shuningdek, eksportyor korxonalarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari, xalqaro sertifikatlarni olish xarajatlarini qoplash, xorijiy davlatlarda savdo uylari va omborlarni ijaraga olish, mutaxassislarni o‘qitish hamda mahsulot namunalarini xorijiy xaridorlarga yuborish bilan bog‘liq xarajatlarni qoplash tartiblari tushuntirildi. “Made in Uzbekistan” milliy brendi ostida xorijiy mamlakatlarda faoliyat yuritayotgan showroomlar orqali mahalliy mahsulotlarni xalqaro bozorlarda targ‘ib qilish imkoniyatlariga ham alohida e’tibor qaratildi.
Tadbir yakunida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollar yuzasidan mutaxassislardan batafsil javoblar oldilar. Eksport salohiyatini oshirish, xalqaro standartlarni keng joriy etish, sertifikatlashtirish jarayonlarini takomillashtirish hamda tadbirkorlik subyektlariga amaliy ko‘mak ko‘rsatish bo‘yicha hamkorlikni izchil davom ettirish muhimligi qayd etildi.


