Toshkentda GBSF 2026 forumi bo‘lib o‘tmoqda
2026-07-24 17:30:00 / Yangiliklar

Forumda 45 dan ortiq mamlakatdan 450 nafardan ziyod xalqaro kompaniyalar rahbarlari, investorlar, davlat organlari vakillari hamda soha mutaxassislari ishtirok etmoqda.
Forumning ochilish marosimida Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov ishtirok etib, O‘zbekistonda so‘nggi yillarda amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlar natijasida axborot texnologiyalari sohasini rivojlantirish uchun zamonaviy va raqobatbardosh ekotizim shakllanganini ta’kidladi.
Vazir O‘zbekistonning eng katta ustunligi uning yosh va iste’dodli inson kapitali ekanini ta’kidladi va mazkur islohotlarning xalqaro miqyosdagi e’tirofi ham tobora ortib borayotgani, xususan, O‘zbekiston “Country of the Year 2026” — startap ekotizimi eng jadal rivojlangan davlat sifatida e’tirof etilganini qayd etdi.
Shuningdek, forum global biznes xizmatlari sohasidagi zamonaviy tendensiyalar muhokamasi bilan davom etdi. Sessiyalar davomida servis operatsiyalarini kengaytirish, kadrlar salohiyatini rivojlantirish, biznes jarayonlarini transformatsiya qilish hamda sun’iy intellektni global xizmat ko‘rsatish markazlariga joriy etish masalalari ko‘rib chiqildi. Bundan tashqari, Enterprise Uzbekistan tashabbusi, global biznes xizmatlari ekotizimini rivojlantirish bo‘yicha xalqaro tajriba hamda Global Expertise, Antal International, Staff Atlantic va Sonect (Teleperformance) kompaniyalarining amaliy tajribalari taqdim etildi.
Shu bilan birga, O‘zbekistonda global biznes xizmatlari ekotizimini rivojlantirish va xalqaro hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan qator memorandumlar imzolandi. Jumladan, IT Park Uzbekistan va Sonect (Teleperformance) o‘rtasida IT-autsorsing hamda BPO yo‘nalishlarida hamkorlikni rivojlantirish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish va tajriba almashish bo‘yicha memorandum imzolandi.


