Energetika va suv xo‘jaligi vazirlarining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi
2026-04-27 09:55:00 / Yangiliklar

Unda O‘zbekiston Respublikasi Energetika vaziri J.Mirzamahmudov, Qirg‘iziston Respublikasi Energetika vaziri T.Ibrayev, Qozog‘iston Respublikasi Energetika vaziri Y.Akkenjenov va Qozog‘iston suv xo‘jaligi va irrigatsiya vaziri N.Nurjigitov ishtirok etdi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vaziri Sh.Xamrayev hamda Tojikiston Respublikasi Energetika va suv xo‘jaligi vaziri D.Juma videokonferensaloqa shaklida ishtirok etishdi.
Muzokaralar chog‘ida so‘nggi yillarda do‘st va qardosh davlatlar Prezidentlari tashabbusi bilan yo‘lga qo‘yilgan ko‘p tomonlama hamkorlik barcha yo‘nalishlarda, xususan, yoqilg‘i-energetika sohasida ham izchil va samarali rivojlanib borayotgani alohida ta’kidlandi.
Yig‘ilishdan ko‘zlangan asosiy maqsad — 2026-2027-yillar vegetatsiya davrida mintaqadagi suv-energetika tizimlarining barqaror va kelishilgan ish rejimini ta’minlash masalalarini muhokama qilishdan iborat bo‘ldi. Bu borada tomonlar birgalikdagi sa’y-harakatlarni kuchaytirishga alohida e’tibor qaratildilar. Bunda energetika tizimlarining chambarchas bog‘liqligini ta’kidlab, o‘zaro ishonch asosida hamkorlikni yanada rivojlantirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.
Shuningdek, kuz-qish davrining muvaffaqiyatli yakunlari sarhisob qilinib, energetika yuklamalarini muvozanatlash va energetika tizimlarining uzluksiz ishlashini ta’minlash bo‘yicha aniq chora-tadbirlar ko‘rib chiqildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar kelishilgan rejimlarni amalga oshirishni davom ettirish, tarmoqlararo muvofiqlashtirishni mustahkamlash va mintaqaviy energetika hamkorligini chuqurlashtirishga kelishib oldilar.
Keyingi uchrashuvlar 2026-yil may oyida Toshkent shahrida va 2026-yil iyun oyida Bishkek shahrida bo‘lib o‘tishi belgilandi.

