Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi (Rasmiy munosabat)
2026-10-28 16:00:00 / Rasmiy munosabat

Uchtepa tumanidagi ko‘p kvartirali uyni boshqaruv tashkilotiga biriktirish masalasi yuzasidan Ijtimoiy tarmoqlarda Uchtepa tumani, 25-mavze, 9-uyni boshqaruv tashkilotiga biriktirish hamda vazirlik mansabdor shaxslariga nisbatan chiqarilgan xususiy ajrim yuzasidan e’lon qilingan maqoladagi fikrlarga munosabatan quyidagilarni ma’lum qilamiz.
Mazkur uy mulkdorlarning umumiy yig‘ilishi qarori asosida «Adeas-group» MCHJga «Mening uyim» billing tizimida biriktirilgan. Biroq 2025-yil 14-iyuldagi fuqarolik ishlari bo‘yicha sud qarori bilan boshqaruv kompaniyasini tanlash to‘g‘risidagi umumiy yig‘ilish bayonnomasi haqiqiy emas deb topilgan. Ushbu qarorda vazirlik zimmasiga uyni boshqa tashkilotga biriktirish majburiyati yuklatilmagan.
Keyinchalik, Toshkent tumanlararo ma’muriy sudining 2026-yil 11-iyundagi hal qiluv qarori bilan vazirlik zimmasiga mazkur uyni «Adeas-group» MCHJ tarkibidan chiqarib, «Nurobod kvartal servis» UJMSHga biriktirish majburiyati yuklatilgan.
Mazkur sud hujjati ijrosini ta’minlash maqsadida uy «Mening uyim» billing tizimida belgilangan tartibda qayta biriktirilgan.
Demak, yuqorida qayd etilgan holatlar, ya’ni Uchtepa tumani, 25-mavze, 9-uyning mulkdorlar umumiy yig‘ilishi qarori asosida «Adeas-group» MCHJga biriktirilishi hamda sudning hal qiluv qaroriga muvofiq mazkur uyning «Adeas-group» MCHJ tarkibidan chiqarilib, «Nurobod kvartal servis» UJMSHga biriktirilishi vazirlik tomonidan o‘zboshimchalik bilan qabul qilingan qarorlar natijasi emas, balki amaldagi qonunchilik talablari va belgilangan tartib-taomillarga muvofiq amalga oshirilgan harakatlar hisoblanadi.
Maqolada vazirlik mansabdor shaxslariga nisbatan xususiy ajrim chiqarilgani ham qayd etilgan. Ushbu holatga baho berishda sud hujjatlarining mazmuni va ishning haqiqiy holatlarini inobatga olish lozim. Xususiy ajrimning mavjudligi o‘z-o‘zidan vazirlik faoliyatida tizimli qonunbuzilishlar mavjudligini anglatmaydi.
Vazirlik ko‘p kvartirali uylarni boshqaruv tashkilotlariga biriktirish va elektron tizimlardagi ma’lumotlarni yuritishda amaldagi qonunchilik talablariga rioya etadi hamda sud hujjatlarining ijrosini ta’minlash bo‘yicha o‘z vakolatlari doirasida ish olib boradi.
Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi axborot xizmati



