Andijonda XII TURKSOY teatr rahbarlarining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi
2026-10-19 18:25:00 / Yangiliklar
Xabaringiz bor, Andijon shahrida IV TURKSOY xalqaro teatr festivali, TURKSOY teatr rahbarlarining uchrashuvi, V Turkiy dunyo muzeylari uchrashuvi hamda TURKSOY muzeylar uyushmasining V davriy yig‘ilishi o‘tkazilmoqda.
Xalqaro festival doirasida XII TURKSOY teatr rahbarlarining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda TURKSOY Bosh kotibi Sulton Rayev, O‘zbekiston madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari Nodirbek Sayfullayev hamda O‘zbekiston, Qozog‘iston, Turkiya, Ozarbayjon, Turkmaniston va Qirg‘iziston davlatlarining teatr san’ati sohasi vakillari ishtirok etdi.
Tadbirni O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari Nodirbek Sayfullayev ochib berdi va o‘z nutqida so‘nggi yillarda mamlakatimizda Prezidentimiz boshchiligida madaniyat va san’at sohasini, xususan, teatr san’atini rivojlantirish bo‘yicha olib borilayotgan islohotlar haqida to‘xtalib o‘tdi.
Mazkur nufuzli anjuman turkiy xalqlarning boy madaniy merosi va sahna san’ati an’analarini o‘zaro uyg‘unlashtirish, ijodiy aloqalarni mustahkamlash hamda teatr san’atining istiqbollarini belgilash yo‘lidagi muhim muloqot maydoniga aylanmoqda.
Yig‘ilish davomida teatrlar o‘rtasida tajriba almashish, zamonaviy sahna ijodining dolzarb masalalari, tomoshabin qalbiga yo‘l topadigan, jamiyatni o‘ylashga va mushohada qilishga undaydigan asarlarni yaratish borasidagi fikr-mulohazalar o‘rtaga tashlandi. Shuningdek, sohadagi mavjud muammolar va ularning yechimlari yuzasidan amaliy takliflar ilgari surildi.
Andijonda o‘tayotgan mazkur xalqaro uchrashuv ham turkiy xalqlar o‘rtasidagi madaniy hamjihatlikni yanada mustahkamlash, teatr san’atini yangi ijodiy g‘oyalar va hamkorlik tashabbuslari bilan boyitishga xizmat qiladi.
