Turkiy dunyo muzeyshunoslari Andijonda jam bo‘ldi
2026-10-19 16:25:00 / Yangiliklar
Turkiy dunyoning madaniyat poytaxti Andijonda V Turkiy dunyo muzeylari uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti – TURKSOY, O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Madaniy meros agentligi va Andijon viloyati hokimligi hamkorligida tashkil etilgan anjumanda mamlakatimizdagi qator muzeylar rahbarlari, ilm-fan sohasi vakillari, olimlar, tadqiqotchilar bilan birga Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkiya va Turkmanistondan jami 50 nafarga yaqin yetuk mutaxassislar qatnashdi.
Mazkur tadbir turkiy xalqlarning boy tarixiy merosi, milliy an’ana va qadriyatlarini o‘rganish, asrab-avaylash hamda kelajak avlodlarga yetkazish yo‘lidagi muhim xalqaro ilmiy-madaniy muloqot maydoni hisoblanadi. E’tirof etish joiz, turkiy xalqlarni mushtarak tarix, yaqin madaniyat, umumiy ma’naviy qadriyatlar va asrlar davomida shakllangan an’analar birlashtirib turadi. Bu bebaho merosni o‘rganish va targ‘ib etishda muzeylarning o‘rni beqiyosdir.
Xalqaro tadbirga tashrif buyurgan mehmonlar dastlab Andijon hunarmandlarining ijod mahsullari ko‘rgazmasi bilan tanishgan bo‘lishsa, bu yerda alohida bir bo‘limda turkiy xalqlarning bosh kiyimlari ham namoyishga qo‘yildi. Bu bejiz emas. Gap shundaki, anjumanning asosiy mavzusi “Turkiy dunyoda milliy liboslar: Tarix, o‘zlik va madaniy meros” qilib olingan.
Turkiy dunyo muzeyshunoslari uchrashuvining ochilishida TURKSOY Bosh kotibi Sulton Rayev, Andijon viloyati hokimligi Kotibiyat mudiri Elyor Xolmirzayev, O‘zbekiston Respublikasi Madaniy meros agentligi mas’ul xodimi Dilobar Mirxusanova va TURKSOY Muzeylar uyushmasining 2026-yildagi davriy raisi, O‘zbekiston tarixi davlat muzeyi direktori Jannat Ismoilova so‘zga chiqdi.
Shundan so‘ng TURKSOY Muzeylar uyushmasiga a’zolikka qabul qilinganlikni tasdiqlovchi xalqaro sertifikatlarni topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda mamlakatimizning turli hududlarida 10 ta muzey uyushma a’zoligiga qabul qilinganligi e’lon qilindi va rahbarlari bu haqdagi sertifikatlarni qabul qilib oldi.
Ochilish marosimidan so‘ng ishtirokchilar sho‘balarga bo‘lingan holda muhokama jarayonlarini davom ettirishdi. Jami 5 ta sho‘bada 20 ta ma’ruza taqdim qilindi.
Xalqaro anjuman qizg‘in va samarali kechdi. Dasturga muvofiq Andijonda TURKSOY Muzeylar uyushmasining V davriy yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi.
