Parkentda "Go‘ro‘g‘li dostoni avlodlar ovozida" nomli baxshilar kechasi bo‘lib o‘tdi
2026-10-19 08:35:00 / Yangiliklar

Toshkent viloyatining Parkent tumanidagi so‘lim Kumushkon hududida “Go‘ro‘g‘li dostoni avlodlar ovozida” nomli baxshichilik kechasi bo‘lib o‘tdi. Ikki kun davom etgan mazkur madaniy tadbir xalq og‘zaki ijodi va baxshichilik san’ati an’analarini keng targ‘ib etishga xizmat qildi. Tadbirda Toshkent viloyati hokimi Zoir Mirzayev, Madaniyat vazirligi vakillari, Respublika baxshichilik san’ati markazi mutasaddilari, respublikamizning turli hududlaridan tashrif buyurgan taniqli baxshilar, yosh ijrochilar hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Gulxan atrofida jam bo‘lgan tomoshabinlar qadimiy dostonlar, jo‘shqin aytishuvlar va badiha termalardan bahramand bo‘ldilar. Baxshilar o‘z ijrolari orqali milliy qadriyatlarimiz, ajdodlardan meros bo‘lib kelayotgan boy ma’naviy xazina va xalq dostonchiligining betakror jozibasini namoyon etdilar. Kechaning ikkinchi kunida baxshilar o‘rtasida bellashuvlar tashkil etilib, ishtirokchilarning ijro mahorati va iste’dodi namoyon bo‘ldi. Yakuniy natijalarga ko‘ra, surxon baxshisi Ziyodulla Ahmedov birinchi, xorazmlik Rasul baxshi Abdurahmonov ikkinchi, Qoraqalpog‘iston Respublikasidan ishtirok etgan Uldaulet Sarsenbayeva esa uchinchi o‘rinni egalladi. G‘olib va sovrindorlar pul mukofotlari, diplom hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi. Shuningdek, turli nominatsiyalar bo‘yicha ishtirokchilarga Toshkent viloyati hokimligi tomonidan munosib e’tirof bildirildi.
Toshkent viloyati hokimligi tashabbusi bilan Madaniyat vazirligi hamda Respublika baxshichilik san’ati markazi hamkorligida tashkil etilgan mazkur tadbir milliy san’atimizni asrab-avaylash, baxshichilik maktablari an’analarini rivojlantirish va xalq dostonlarini kelgusi avlodlarga yetkazishda muhim ahamiyat kasb etdi.
Kumushkonda o‘tgan ushbu baxshichilik kechasi ajdodlar merosi, milliy ruh va avlodlar davomiyligini o‘zida mujassam etgan unutilmas madaniy voqealardan biri bo‘ldi.









