Nukus konservatoriyasi filialining musiqa asboblari fondi yanada boyitildi
2026-10-17 13:45:00 / Yangiliklar

O‘zbekiston davlat konservatoriyasi Nukus filialining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, ta’lim sifatini yanada oshirish hamda talaba-yoshlarning ijodiy salohiyatini rivojlantirish borasidagi ishlar izchil davom ettirilmoqda. Filialga Chexiyaning mashhur “Petrof” kompaniyasida ishlab chiqarilgan 20 dona pianino, 10 dona royal hamda ular uchun maxsus o‘rindiqlar olib kelindi. Yangi musiqa asboblari talabalarning amaliy mashg‘ulotlarini samarali tashkil etish, ijrochilik mahoratini oshirish va musiqiy bilimlarini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston davlat konservatoriyasi Nukus filiali 2025/2026-o‘quv yilini yangi binoda boshlagan. 2025-yil 30-sentyabr kuni mazkur binoning tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tgan. 27 milliard so‘m mablag‘ hisobiga yangidan qurib bitkazilgan, 300 o‘ringa mo‘ljallangan o‘quv binosida talaba-yoshlarning chuqur bilim olishi, kasbiy mahoratini oshirishi va ijodiy qobiliyatlarini ro‘yobga chiqarishi uchun barcha zarur sharoitlar yaratilgan.
Yangi musiqa asboblarining keltirilishi ta’lim muassasasining o‘quv va ijodiy imkoniyatlarini yanada kengaytirib, professor-o‘qituvchilar hamda talabalar uchun qo‘shimcha qulayliklar yaratadi. Xususan, sifatli cholg‘u asboblari bilan ta’minlanish bo‘lajak musiqachilarning amaliy mashg‘ulotlarini yuqori saviyada tashkil etish, ijrochilik mahoratini takomillashtirish va professional tayyorgarligini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Mazkur yangilanishlar yosh iste’dodlarni qo‘llab-quvvatlash, malakali musiqa mutaxassislarini tayyorlash hamda mamlakatimizda musiqa ta’limi sifatini yanada oshirish yo‘lidagi muhim qadamlardan biridir.


