Muqimiy teatrida “Xumoy” spektaklining jamoatchilik ko‘rigi va muhokamasi bo‘lib o‘tdi
2026-10-15 16:05:00 / Yangiliklar

Muqimiy nomidagi O‘zbekiston davlat akademik musiqali teatrida yangi sahna asari — “Xumoy” spektaklining jamoatchilik ko‘rigi va muhokamasi bo‘lib o‘tdi. Unda madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari Nodirbek Sayfullayev, teatrshunos va san’atshunos olimlar, musiqashunoslar, yozuvchi va shoirlar hamda boshqa ijodkorlar ishtirok etdi. Dramaturg Go‘zaloy Matyakubova librettosi, kompozitor Ulug‘bek Karimov musiqasi asosida rejissyor Rasuljon Tog‘ayqulov tomonidan sahnalashtirilgan spektaklda qadimgi turkiy xalqlarning shonli tarixi, matonati, birlik va tinchlik yo‘lidagi intilishlari o‘ziga xos badiiy talqinda aks etgan.
Sahna asarining mazmuniy asosini mashhur “Ergana kun” voqeasi hamda tinchlik va baxt-saodat ramzi sanalgan Xumoy qushi haqidagi afsona tashkil etadi. Spektaklda qadimiy gilam to‘qish san’ati ham ramziy ma’no kasb etib, ajdodlar merosi, tarix va avlodlar taqdiri bilan bog‘liq g‘oyalarni ifodalaydi.
Asarda turkiy xalqlarning mushtarak tarixi, o‘zligi va kelajagi, birlik hamda ozodlik g‘oyalari yetakchi o‘rin tutadi. Bosh qahramonning jangdan Bilga Xoqon sifatida qaytishi va qadimgi turkiy bitiklarda mujassam bo‘lgan ozodlik hamda tinchlik g‘oyalarining sahnaviy ifodasi spektaklning muhim badiiy nuqtalaridan biridir. Muhokama davomida mutaxassislar spektaklning nomlanishi, janri va sahnaviy yechimlariga doir taklif va tavsiyalarini bildirdilar. Shuningdek, asarning mazmuni va g‘oyasini so‘zsiz xatti-harakatlar hamda plastik ifoda vositalari orqali tomoshabinga yetkazish borasidagi izlanishlar e’tirof etildi. Rassom Laziz Yodgorov, baletmeyster Dilmurod Husanov va dirijyor Akmal To‘rayev rahbarligidagi orkestr ijrosi ham alohida ta’kidlandi.
Madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari Nodirbek Sayfullayev yosh ijodkorlarning yagona ijodiy maqsad yo‘lida birlashgani, murakkab va eksperimental loyihaga qo‘l urgani hamda jamoatchilik muhokamasiga ochiqligini ijobiy baholadi. Shu bilan birga, mutaxassislar tomonidan bildirilgan fikr va tavsiyalarni inobatga olib, spektaklni yanada takomillashtirish, mavjud kamchiliklarni bartaraf etish va uni tomoshabinlarga munosib tarzda taqdim etish yuzasidan tegishli ko‘rsatmalar berdi.
Betakror musiqa, o‘ziga xos sahnaviy yechimlar va nozik hamda shiddatkor plastik harakatlarga asoslangan “Xumoy” spektakli ijodiy jamoaning yangi izlanishi sifatida e’tiborga molik. Endilikda spektaklning takomillashtirilgan talqini va uning kutilayotgan premyerasi san’at ixlosmandlari tomonidan katta qiziqish bilan kutilmoqda.









