Madaniyat vazirligiga 2026-yilning birinchi yarim yilligida 1 284 ta murojaat kelib tushdi
2026-07-23 13:45:00 / Yangiliklar
2026-yilning yanvar–iyun oylarida jismoniy va yuridik shaxslardan O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi markaziy apparati, hududiy madaniyat organlari hamda tizim tashkilotlariga jami 1 284 ta murojaat kelib tushdi. Shundan 425 tasi Madaniyat vazirligi markaziy apparatiga, 413 tasi hududiy madaniyat organlariga va 446 tasi tizim tashkilotlariga to‘g‘ri keladi.
Murojaatlarning 490 tasi (38,2 foiz) yozma, 451 tasi (35,1 foiz) elektron va 343 tasi (26,7 foiz) og‘zaki shaklda kelib tushgan. Jami murojaatlarning 1 173 tasi (91,4 foiz) jismoniy shaxslar, 111 tasi (8,6 foiz) esa yuridik shaxslar tomonidan yuborilgan.
Murojaatlarni ko‘rib chiqish natijalariga ko‘ra, ularning 1 038 tasi (80,9 foiz) qanoatlantirilgan, 172 tasiga (13,3 foiz) tushuntirish berilgan va 74 tasi (5,8 foiz) boshqa tashkilotlarga yo‘naltirilgan. Hisobot davrida ko‘rmasdan qoldirilgan va rad etilgan murojaatlar mavjud emas.
Murojaatlar yo‘nalishlar kesimida tahlil qilinganda, ta’lim masalalari 29,4 foizni tashkil etgan. Teatr, kino va sirk masalalari 18,6 foiz, madaniyat muassasalari faoliyati 11,9 foiz, mehnat munosabatlari 9,1 foiz, moliya, buxgalteriya va audit masalalari 3,5 foiz, xo‘jalik (uy-joy) masalalari 3,3 foiz hamda konsert-tomosha masalalari 3,1 foizni tashkil qilgan.
Fuqarolar bilan bevosita muloqotni ta’minlash maqsadida hisobot davrida vazirlikning hududiy madaniyat organlari rahbarlari tomonidan joylarda 29 ta sayyor va 34 ta shaxsiy qabul o‘tkazilgan. Ushbu qabullar davomida jami 567 nafar jismoniy va yuridik shaxs vakillari qabul qilinib, ular tomonidan ko‘tarilgan masalalar va mavjud muammolar yuzasidan tegishli javoblar berilgan.
