PRESS-RELIZ «O‘zbekiston–Turkiya madaniyat va san’at uchrashuvlari — Turk kino kunlari» haqida
2026-09-24 09:10:00 / Yangiliklar
O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan 2026-yil 24–29-sentyabr kunlari Toshkent shahrida «O‘zbekiston–Turkiya madaniyat va san’at uchrashuvlari — Turk kino kunlari» madaniy tadbirlari o‘tkazilmoqda.
O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi madaniy-gumanitar aloqalar izchil rivojlanib, ikki mamlakat xalqlarining mushtarak tarixiy va madaniy qadriyatlariga asoslangan holda tobora kengayib bormoqda. O‘zbekiston Respublikasi Hukumati va Turkiya Respublikasi Hukumati o‘rtasida 2018-yil 30-aprelda imzolangan «Madaniyat sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida Bitim» ikki tomonlama madaniyat va san’at sohasidagi hamkorlikning huquqiy asosini tashkil etadi.
Mazkur huquqiy asos doirasida madaniyat va san’at sohasida tajriba almashish, ijodiy jamoalar va san’atkorlar o‘rtasida aloqalarni rivojlantirish, madaniy tadbirlar tashkil etish, kino, teatr, musiqa, adabiyot va boshqa yo‘nalishlarda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha hamkorlik izchil davom ettirilmoqda.
Shu munosabat bilan tashkil etilayotgan «O‘zbekiston–Turkiya madaniyat va san’at uchrashuvlari — Turk kino kunlari» ham ikki mamlakat o‘rtasidagi madaniy hamkorlikning amaliy ifodalaridan biridir. Mazkur tadbirlar doirasida rasmiy uchrashuvlar, madaniyat va adabiyotga bag‘ishlangan taqdimotlar, ko‘rgazmalar, o‘zbek va turk san’at ustalarining qo‘shma konserti hamda «Turk kino kunlari» tashkil etilmoqda.
Bugun, 24-sentyabr kuni O‘zbekiston madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov hamda Turkiya Respublikasi madaniyat va turizm vaziri Mehmet Nuri Ersoy birgalikda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida bo‘lib o‘tgan «Turkiya va O‘zbekistonning madaniy aloqalarida tarjimaning o‘rni» mavzusidagi taqdimot va ko‘rgazmalar namoyishida ishtirok etdilar.
Tadbir doirasida institutda Turkiyaning Yunus Emre instituti tomonidan tashkil etilgan, Turkiyaning boy madaniyati va san’atini aks ettiruvchi «Turk madaniyatidan yaproqlar» ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi. Shuningdek, Turkiyaning «Turk madaniyati, san’ati va adabiyoti asarlarini xorijga targ‘ib qilishni qo‘llab-quvvatlash loyihasi» (TEDA dasturi) doirasida o‘zbek tiliga tarjima qilingan «Moturidiyning tafakkur dunyosi» asari taqdimot etildi. Ma’lumot o‘rnida, bugungi kunga qadar TEDA dasturi doirasida O‘zbekistonda 25 ta asarni tarjima qilish va nashr etish bo‘yicha hamkorlik amalga oshirilgan.
Shundan so‘ng ikki davlat madaniyat vazirlari poytaxtdagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurib, markaz ekspozisiyasidagi islom olamiga oid noyob eksponatlar bilan tanishdilar. Tashrif davomida Mehmet Nuri Ersoy tomonidan markazga «Kulliyoti Navoiy» asarining nusxasi (faksimile nashri) taqdim etildi. (Ma’lumot o‘rnida, «Kulliyoti Navoiy» Alisher Navoiyning turli janrdagi asarlari jamlangan nodir qo‘lyozma to‘plamdir. Kulliyot tarkibida Alisher Navoiyning 26 ta asari jamlangan bo‘lib, uning asl nusxasi Istanbul shahridagi Topqopi saroyi kutubxonasida saqlanadi.)
Tadbirlarning navbatdagi manzili «O‘zbekiston» xalqaro anjumanlar saroyi bo‘ldi. Bu yerda O‘zbekiston madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov hamda Turkiya Respublikasi madaniyat va turizm vaziri Mehmet Nuri Ersoy o‘rtasida ikki tomonlama hamkorlik uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda madaniyat va san’at sohasidagi O‘zbekiston–Turkiya munosabatlarining bugungi holati, mavjud hamkorlik yo‘nalishlari hamda ularni yanada rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.
Rasmiy uchrashuvdan so‘ng «O‘zbekiston» xalqaro anjumanlar saroyida O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan o‘zbek va turk san’at ustalarining qo‘shma konserti bo‘lib o‘tdi.
Konsert dasturi avvalida Turkiya Respublikasi madaniyat va turizm vaziri Mehmet Nuri Ersoy nutq qildi.
“Bugun biz uchun nihoyatda qadrli va ulug‘ bir kunda — do‘st va qardosh O‘zbekistonning 35 yillik Mustaqillik yubileyi munosabati bilan sizlar bilan birga bo‘lib turganimdan juda mamnun va sharafliman. Sizlarni O‘zbekiston Respublikasidagi barcha do‘stlarimiz va qardoshlarimizga, O‘zbekiston xalqiga Turkiya Respublikasi nomidan samimiy mehr, hurmat va ezgu tilaklarimni izhor etgan holda qutlayman. Ushbu qutlug‘ sana munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Mustaqillik kunini eng samimiy tilaklarim bilan muborakbod etaman. Do‘st va qardosh O‘zbekiston xalqiga tinchlik, farovonlik va xotirjamlik tilayman. Prezidentimiz muhtaram Rejep Tayyip Erdog‘an janoblarining ham salom va ezgu tilaklarini qardosh O‘zbekiston xalqiga yetkazaman. Turkiya va O‘zbekiston asrlar davomida shakllangan mustahkam rishtalar bilan bir-biriga bog‘langan ikki buyuk mamlakatdir. Mamlakatimiz O‘zbekistonning mustaqilligini tan olgan birinchi davlat bo‘lgan. O‘sha kunlardayoq ikki do‘st va qardosh xalq o‘rtasidagi do‘stlik va hamjihatlikning eng mustahkam poydevorlaridan biri yaratilgan. Shuningdek, mamlakatlarimiz o‘rtasida mushtarak tariximiz, madaniyatimiz va sivilizasion merosimizga asoslangan chuqur va mustahkam aloqalar mavjud. Ushbu umumiy meros izlarini Samarqanddan Buxoroga, Xivadan Toshkentga qadar ushbu qadimiy zaminning har bir go‘shasida ko‘rish mumkin. Imom Buxoriy, Beruniy, Mirzo Ulug‘bek va Alisher Navoiy singari buyuk alloma va mutafakkirlarning ilm-fan, tafakkur va adabiyot sohalarida yaratgan bebaho asarlari bugungi kunda Turkiya va O‘zbekistonning umumiy madaniy xazinasining muhim qismlarini tashkil etadi. Biroq mushtarak merosimiz faqat o‘tmishgagina tegishli emas.Biz bu merosni bugun ham birgalikda asrab-avaylab, madaniyat va san’at orqali kelajak avlodlarga yetkazmoqdamiz. Bugun kechqurun bu yerda o‘tkazilayotgan Turkiya–O‘zbekiston madaniyat va san’at uchrashuvlari ham buning yorqin namunasidir” – dedi Mehmet Nuri Ersoy nutqi davomida.
So‘ng, O‘zbekiston madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov ham nutq qildi.
“Bugun O‘zbekiston xalqining eng ulug‘ bayrami – Mustaqilligimizning 35 yillik tantanalari munosabati bilan tashkil etilgan konsert dasturi uchun turk qardoshlarimizga minnatdorlik bildiramiz. Fursatdan foydalanib, ushbu tashabbusni ilgari surgani uchun Turkiya Respublikasi Hukumatiga, Madaniyat va turizm vazirligiga, aziz birodarim hurmatli Mehmet Nuri Ersoy janoblariga hamda barcha turkiyalik hamkasblarimizga chuqur minnatdorlik bildiraman. Albatta xalqlarimiz birodarlik rishtalarini mustahkamlashda ikki davlat Rahbarlarini
o‘rni beqiyosdir. Hurmatli Prezidentlarimizning tashabbuslari bilan madaniyat sohasidagi hamkorligimiz yuqori darajaga ko‘tarildi. Biz tarixni birga o‘qigan xalqlarmiz. Movarounnahr va Anadolu zaminlarida kamol topgan buyuk allomalar, mutafakkirlar, shoir va san’atkorlarning bebaho merosi xalqlarimizni asrlar davomida bir-biriga yaqinlashtirib kelgan. Albatta, bugun bu sahnada yangraydigan kuy-qo‘shiqlar, namoyish etiladigan san’at namunalari ikki qardosh xalqning mushtarak ruhini, o‘zaro hurmati va samimiy do‘stligini tarannum etadi. Shu ma’noda, bugungi konsertni oddiy madaniy tadbir deb emas, balki ikki qardosh xalq qalblarining muloqoti, deb qabul qilishimiz kerak” – dedi Ozodbek Nazarbekov.
Tantanali konsert dasturida ikki qardosh xalqning milliy musiqa, qo‘shiq va raqs san’ati namunalari, shuningdek, zamonaviy ijod namunalari taqdim etildi.
Konsert avvalida buyuk sarkarda va davlat arbobi Jaloliddin Manguberdi obrazi sahna ko‘rinishi orqali gavdalantirilib, ushbu rolni aktyor Ahror Alijonov ijro etdi. Shundan so‘ng «Bravo» orkestri ijrosida «Mendirman Jaloliddin» qo‘shig‘i yangradi. «Tumor» davlat raqs ansambli tomonidan «O‘zbegim raqslari» xoreografik kompozisiyasi namoyish etildi. Konsertning turk qismida «Cemreler», «Şaman», «Kara Toprak», «Acı Hayat», «Bahça Duvarı», «Azeri veya Yolcu», «Cengi», «Kafkas», «Gönül Dağı», «Meni Sevip Qalsaydın», «Kulada Sevdiğim» kabi turk musiqa san’atining mashhur namunalari ijro etildi. O‘zbek mumtoz musiqasiga bag‘ishlangan qismda esa Alisher Navoiy g‘azali asosidagi «Ohki» hamda «Aylab keling» asarlari Yunus Rajabiy nomidagi maqom ansambli xonandalari tomonidan ijro etildi.Shuningdek, «Bek» doirachilar guruhi hamda «Shukrona» dutorchi qizlar ansambli ishtirokida «Sado» musiqiy kompozisiyasi taqdim etildi. Konsert dasturidan O‘zbekiston xalq artisti Ramiz Usmonov ijrosidagi «Gladiator» asari, turk filmlariga ishlangan saundtreklardan tayyorlangan popurri hamda O‘zbekiston xalq artisti Ilyos Arabov ijrosidagi «Mavrigi» asari ham o‘rin oldi. Konsertning yakuniy qismida «Xorazm termalari» xoreografik kompozisiyasi hamda «Potpori» musiqiy dasturi namoyish etildi.
Eslatib o ‘tamiz, madaniy tadbirlarning muhim yo‘nalishlaridan biri — «Turk kino kunlari» bo‘lib, uning tantanali ochilish marosimi 25-sentyabr kuni soat 18:30 da bo‘lib o‘tadi.
Ochilish marosimida Turkiya kinematografiyasining taniqli vakillari — aktyorlar Engin Altan Dyuzyatan, O‘zge Gyurel, Serkan Chayog‘lu, Deniz Barut va Emre Karayel ishtirok etib, o‘zbek tomoshabinlari bilan uchrashadilar.
Kino kunlari doirasida turk kinematografiyasining sara namunalari namoyish etiladi.
Filmlar namoyishi dasturi:
25-sentyabr, soat 19:00 — «Ajdodlar sadosi»;
26-sentyabr, soat 19:00 — «Kesilgan daraxtdek»;
27-sentyabr, soat 19:00 — «Baxtlimizmi?»;
28-sentyabr, soat 19:00 — «Qara, pochtachi kelyapti»;
29-sentyabr, soat 19:00 — «Izquvar Reptir».
«O‘zbekiston–Turkiya madaniyat va san’at uchrashuvlari — Turk kino kunlari» ikki mamlakat o‘rtasidagi madaniy-gumanitar aloqalarni yanada mustahkamlash, ijodkorlar o‘rtasida tajriba almashish va xalqlarimizning bir-biriga yaqinligini san’at va kino vositasida yanada keng namoyon etishga xizmat qiladi.
