IIV Akademiyasi rahbariyati tomonidan Toshkent shahar Mirzo Ulugʻbek tumanidagi “Buyuk ipak yoʻli” mahallasining kriminogen vaziyati oʻrganildi
2026-11-05 10:00:00 / Yangiliklar

Aytish joizki, mahalladagi koʻp qavatli uylarda 5 mingdan ziyod aholi istiqomat qilib, shundan 83 nafari alohida toifadagi shaxslarni tashkil etadi. Joriy yilning oʻtgan davri mobaynida 4 ta oldini olish mumkin boʻlgan jinoyat qayd etilgan.
Ishchi guruh tomonidan mahallaning kriminogen vaziyatiga salbiy taʼsir koʻrsatayotgan omillar, jamoat xavfsizligini taʼminlash va jinoyatlarning barvaqt oldini olish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar manzilli oʻrganildi.
Masʼullarga huquqbuzarlik sodir etishga moyil shaxslar bilan profilaktik ishlarni kuchaytirish, nizoli va ajrim yoqasidagi oilalarda maishiy muhitni yaxshilash, ijtimoiy profilaktika samaradorligini oshirish, shuningdek koʻchalar, koʻp qavatli uylar atrofi va qarovsiz hududlarda xavfsizlik choralarini kuchaytirish yuzasidan tavsiyalar berildi.
Akademiya boshligʻi “jinoyat oʻchoq”lari sifatida belgilangan joylarda boʻlib, jamoat xavfsizligini taʼminlashga jalb qilingan patrullik guruhlari faoliyati va texnik vositalar bilan tanishdi.
Kriminogen vaziyatni muntazam nazorat qilish orqali fuqarolar osoyishtaligini taʼminlash, chaqiruvlarga zudlik bilan munosabat bildirish, huquqbuzarlik yoki jinoyatni fosh etishdan ularning barvaqt oldini olish choralarini koʻrish, xizmatga yuqori masʼuliyat bilan yondashish zarurligini qayd etdi.
Oʻrganishlar davomida mahallalarda xavfsiz muhitni shakllantirish, xonadonlar, savdo va xizmat koʻrsatish obyektlarini texnik qoʻriqlovga olish, hududda istiqomat qilayotgan aholining xavfsizlik talablariga rioya qilish madaniyatini oshirish, profilaktika inspektori va fuqarolar oʻrtasida samarali hamkorlikni yoʻlga qoʻyish yuzasidan topshiriqlar berilib, aniq chora-tadbirlar belgilab olindi.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati






