Qatar Davlati Elchisining Ichki ishlar vazirligiga tashrifi chogʻida hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi
2026-11-05 15:00:00 / Yangiliklar

Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri general-leytenant Aziz Tashpulatov Qatar Davlatining Oʻzbekistondagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Hasan Hamza Asad Muhammad Hoshim bilan uchrashdi.
Muloqot avvalida Oʻzbekiston va Qatar oʻrtasidagi doʻstona munosabatlar, oʻzaro hurmat va ishonchga asoslangan hamkorlik aloqalari izchil rivojlanib borayotgani taʼkidlandi.
Uchrashuv davomida ikki davlat ichki ishlar organlari oʻrtasidagi hamkorlikning bugungi holati va uni yanada rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi. Xususan, jinoyatchilikning oldini olish va unga qarshi kurashish, terrorizm va ekstremizm, transmilliy uyushgan jinoyatchilik, narkotrafik hamda kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish yoʻnalishlarida oʻzaro tajriba almashish va hamkorlikni kengaytirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Shuningdek, zamonaviy tahdid va xavf-xatarlarga qarshi kurashishda xalqaro hamkorlikning ahamiyati qayd etildi.
Tomonlar sohadagi oʻzaro aloqalarni amaliy mazmun bilan boyitish, mutaxassislar oʻrtasida tajriba almashinuvini yoʻlga qoʻyish hamda belgilangan yoʻnalishlarda hamkorlikdagi ishlarni faollashtirish yuzasidan fikr almashdilar.



