Davr talabiga mos
2026-11-05 07:15:00 / Yangiliklar

Qashqadaryo viloyati IIB Tezkor boshqaruv markazining yangi binosi qurilib, foydalanishga topshirildi.
Tezkor boshqaruv markazida ichki ishlar organlarining profilaktika, patrul-post, yoʻl-patrul, probatsiya, xavfsiz turizm, qoʻriqlash hamda tezkor xizmatlari, shuningdek, Milliy gvardiya hamda Favqulodda vaziyatlar boshqarmalari kuch va vositalarining yagona boshqaruvi tashkil etildi. Binoda Vaziyatlar markazi, «112» xizmati, Kiberjinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasi, Raqamli texnologiyalar va huquqiy statistika xizmati ham joylashgan.
Hozirgi kunda viloyatdagi 776 ta mahallaning barchasi raqamlashtirilib, 40 mingdan ortiq videokuzatuv kameralari oʻrnatildi va ularning 8412 tasi «Qalqon» dasturiga integratsiya qilindi. «Jinoyatchilik tahlili», «Maʼmuriy huquqbuzarliklar statistikasi», «Yagona migratsiya», «Qoʻriqlash xizmati», «Profilaktik hisob», «112 tizimi», «Mening inspektorim» hamda «Xavfsiz shahar» axborot tizimlarining tegishli modullari jamlandi.
Viloyatda ichki ishlar organlari xizmatini raqamlashtirish va sunʼiy intellekt texnologiyalarini keng joriy etish ishlarini jadallashtirish maqsadida bunyod etilgan Tezkor boshqaruv markazi vohada jinoyatchilikni jilovlash, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish va kuch-vositalarni yanada samarali boshqarishga xizmat qilishi shubhasiz.
Viloyat Ichki ishlar boshqarmasi maʼmuriy hududida «Xotira maydoni» hamda saf mashgʻulotlari maydoni ham yangitdan bunyod etildi.
© «Postda» gazetasi, Sodiq RAHIMOV, Qashqadaryo viloyati.
