Toshkent viloyati sudi binosida xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish masalalari muhokama qilindi
2026-09-13 09:55:00 / Yangiliklar

Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining topshirigʻiga asosan joriy yilning 11-sentyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining majlislar zalida Bosh vazir oʻrinbosari — Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi raisi Dilnozaxon Kattaxonova ishtirokida, shuningdek, hududlarda oflayn shaklda fuqarolar bilan ochiq muloqotlar tashkil etildi.
Mazkur tadbirning Toshkent viloyatidagi qismi Toshkent viloyati sudi binosida boʻlib oʻtib, unda “Xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish” mavzusida fuqarolarning murojaatlari, ularni qiynayotgan muammolar hamda huquq va manfaatlarini taʼminlash bilan bogʻliq masalalar atroflicha koʻrib chiqildi.
Ochiq muloqotda Toshkent viloyati Oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshligʻi Nilufar Normirzayeva, Toshkent viloyati IIBB Huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi boshligʻining oʻrinbosari Ma'mura Abdullayeva, viloyat prokuraturasi vakillari, sogʻliqni saqlash tizimi masʼullari, Ijtimoiy himoya milliy agentligining Toshkent viloyati boshqarmasi vakillari hamda boshqa mutasaddi tashkilotlar masʼullari ishtirok etdi.
Muloqot davomida fuqarolarning xotin-qizlarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, oilaviy munosabatlar, ijtimoiy koʻmak, huquqiy masalalar hamda boshqa yoʻnalishlardagi murojaatlari tinglandi.
Har bir murojaat masʼul tashkilotlar vakillari tomonidan tegishli tartibda oʻrganilib, fuqarolarga amaldagi qonunchilik doirasida zarur tushuntirish va huquqiy tavsiyalar berildi.
Hal etilishi mumkin boʻlgan masalalar joyida ijobiy yechim topgan boʻlsa, qoʻshimcha oʻrganishni talab etadigan murojaatlar boʻyicha masʼullarga tegishli topshiriqlar berildi.
Bunday ochiq muloqotlarning tashkil etilishi fuqarolarning, xususan, xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini ishonchli himoya qilish, ularning muammolarini oʻz vaqtida aniqlash va amaliy yechim topish, davlat organlari va fuqarolar oʻrtasidagi ochiq va samarali muloqotni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Toshkent viloyati IIBB tomonidan ham xotin-qizlarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, ularning xavfsizligini taʼminlash, tazyiq va zoʻravonlikning oldini olish hamda murojaatlar bilan manzilli ishlash borasidagi chora-tadbirlar izchil davom ettirilmoqda.
Toshkent viloyati IIBB Axborot xizmati






