IIV taʼlim muassasalarida. Yangi oʻquv yili va zamonaviy imkoniyatlar
2026-09-10 23:00:00 / Yangiliklar

Har bir davlatning istiqboli, eng avvalo, voyaga yetayotgan avlodning salohiyati bilan belgilanadi. Chunki zamonaviy bilimga, yuksak tafakkurga va Vatan taqdiriga daxldorlik tuygʻusiga ega yoshlar mamlakat taraqqiyotining mustahkam poydevoridir.
Mustaqillik bayrami arafasida IIV Ixtisoslashtirilgan maktab-internatida keng koʻlamli bunyodkorlik va yangilanish ishlari amalga oshirildi. Yangi oʻquv yili boshlanishi munosabati bilan taʼlim dargohida 500 oʻrinli zamonaviy yotoqxona binosi foydalanishga topshirildi.
Ichki ishlar vaziri, general-leytenant Aziz Tashpulatov yangi oʻquv yilining ilk kunida mazkur taʼlim maskaniga tashrif buyurib, oʻquvchilar uchun yaratilgan sharoitlar, oʻquv jarayoniga tayyorgarlik ishlari bilan yaqindan tanishdi.
Maktab-internatda matematika, rus va ingliz tillari bilan birga, davr talabi boʻlgan sunʼiy intellekt va raqamli texnologiyalar boʻyicha ham ixtisoslashtirilgan zamonaviy sinfxonalar tashkil etilgan. Yangi oʻquv yilidan boshlab nafaqat anʼanaviy fanlar, balki raqamli texnologiyalar va kelajak kasblari boʻyicha ham chuqurlashtirilgan mashgʻulotlar yoʻlga qoʻyildi.
500 oʻrinli yangi yotoqxona faqatgina yashash joyi emas, oʻquvchilarning shaxsiy va jamoaviy fazilatlarini kamolga yetkazuvchi yaxlit majmua ham. Bu yerda tashkil etilgan psixologik trening va ruhiy yengillashtirish xonalari oʻquvchilarda ruhiy va jismoniy zoʻriqish holatlarining oldini olishga xizmat qiladi.
Shuningdek, maʼnaviyat va mashgʻulot xonalari, axborot-resurs markazi yoshlarning boʻsh vaqtini mazmunli oʻtkazish, mustaqil izlanish, kitobxonlik salohiyatini oshirishga qaratilgan. Oʻquvchilar sogʻligʻini doimiy nazorat qilib borish va tibbiy xizmat koʻrsatishga ham alohida eʼtibor qaratilgan.
Ichki ishlar organlari uchun malakali va fidoyi kadrlarni tayyorlash jarayoni aynan maktabdan boshlanadi. Bugungi oʻquvchi ertaga jamoat xavfsizligini taʼminlash, inson huquq va erkinliklarini himoya qilish hamda Vatan tinchligini asrashdek sharafli vazifalarni oʻz zimmasiga oladi. Shu sababli yoshlarda temir intizom, qatʼiyat, jasorat, jamoada ishlash koʻnikmasi va kasbiy masʼuliyatni shakllantirish taʼlim jarayonining bosh mezoni etib belgilangan.
Tashrif davomida Ichki ishlar vaziri oʻquvchilarning sport bilan muntazam shugʻullanishini taʼminlash, jismoniy tayyorgarligini oshirib borish hamda bu jarayonga malakali murabbiylarni keng jalb etish boʻyicha mutasaddilarga aniq topshiriqlar berdi.
© “Postda” gazetasi, Feruz Yoʻldoshov.
