Davlat rahbari topshiriqlarining aniq natijasi joylarda koʻrinadi: Xorazmda ichki ishlar organlari faoliyati va xavfsizlik tizimi samaradorligi oʻrganildi
2026-09-06 09:00:00 / Yangiliklar

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan ichki ishlar organlari oldiga qoʻyilgan vazifalar ijrosini oʻrganish maqsadida Ichki ishlar vaziri general-leytenant Aziz Tashpulatov boshchiligidagi ishchi guruh Xorazm viloyatida xizmat faoliyatini oʻrgandi.
Tadbir viloyat Ichki ishlar boshqarmasi shaxsiy tarkibi bilan hududda jinoyatchilikka qarshi kurashish hamda mahallalarda kriminogen vaziyatni barqarorlashtirishga qaratilgan masalalar muhokamasidan boshlandi.
Jarayonda hududda qurilayotgan Yagona tezkor boshqaruv markazidagi qurilish jarayonlari koʻzdan kechirildi. Obyektning belgilangan muddat va sifat talablari asosida barpo etilishi, markazning hududdagi tezkor boshqaruv samaradorligini oshirishga xizmat qilishiga alohida eʼtibor qaratildi.
Urganch shahridagi “Navbahor” mahallasida mahalla yettiligi bilan uchrashuv oʻtkazilib, hududdagi kriminogen vaziyat, profilaktika ishlari va “qizil” toifaga kiritilgan oilalar bilan manzilli ishlash holati muhokama qilindi. Muammoni oqibati bilan emas, uning sababi bilan ishlash, profilaktika choralarini kuchaytirish boʻyicha masʼullarga aniq vazifalar belgilandi.
Urganch shahar IIB navbatchilik qismi faoliyati bilan tanishilib, murojaatlarni qabul qilish, xabarlarga tezkor munosabat bildirish va kuch-vositalarni samarali boshqarish jarayonlari koʻrib chiqildi. Boʻlim hududidagi obodonlashtirish ishlari ham baholandi.
Ichki ishlar organlarining vaqtincha saqlash izolyatori faoliyati oʻrganilib, saqlanayotgan shaxslar uchun yaratilgan sharoitlar, qonuniylik va belgilangan tartiblarga rioya etilishiga alohida eʼtibor qaratildi.
Shuningdek, Urganch dehqon bozorida jamoat tartibi va xavfsizlikni taʼminlash holati oʻrganildi. Milliy gvardiya hamda profilaktika inspektori bilan muloqotda bozor hududidagi xavfsizlik choralari va idoralararo hamkorlik masalalariga eʼtibor qaratildi.
Oʻrganishlar yakunida aniqlangan masalalar yuzasidan masʼullarga tegishli koʻrsatma va vazifalar berildi. Asosiy talab — belgilangan topshiriqlarning qogʻozda emas, joylarda aniq natija bilan ifodalanishidir.









