Ekologiya qo‘mitasida “Umummilliy diktant” aksiyasi o‘tkazildi
2026-10-20 11:00:00 / Yangiliklar

Aksiya O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 20-oktabrdagi “Davlat tilini rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida tashkil etildi. Unda qo‘mita markaziy apparati xodimlari o‘zbek tilida savodli yozish ko‘nikmalari, imlo qoidalariga rioya qilishi va yozma nutq madaniyatini sinovdan o‘tkazdilar.
Tadbirda ona tilimiz – milliy ma’naviyatimizning bitmas-tuganmas manbai, unga munosib hurmat va ehtirom ko‘rsatish barchamizning nafaqat vazifamiz, balki muqaddas insoniy burchimiz ekani ta’kidlandi. Tilimiz bor ekan, o‘zbek xalqi, o‘zbek adabiyoti, o‘zbek madaniyati va urf-odatlari yashayveradi.
Ekologiya qo‘mitasida davlat tilida ish yuritishni samarali tashkil etish va davlat tiliga oid qonunchilik hujjatlariga so‘zsiz rioya etilishini ta’minlashga alohida e’tibor qaratiladi. Bu jarayonda xodimlarning davlat tilini va savodli yozish ko‘nikmalarini puxta o‘zlashtirgani muhim ahamiyatga ega.
Aksiya davomida tilimizning boyligi va uni asl holicha saqlash haqidagi matn orqali xodimlarning o‘zbek adabiy tilini puxta o‘zlashtirganlik darajasi, ish jarayonida davlat tili qoida va me’yorlariga amal qilishi hamda tilimizning nufuzi va mavqeyini mustahkamlash bo‘yicha bilimlari baholandi.









