O‘zbekiston Koreya Respublikasi bilan o‘rmonlarni tiklash va ekologik barqarorlik bo‘yicha hamkorlikni kengaytiradi
2026-09-18 11:10:00 / Yangiliklar

Xususan, Ekologiya qo‘mitasi hamda KFS o‘rtasida o‘rmonlarni raqamli tiklash va iqlim bo‘yicha chora-tadbirlar sohasida hamkorlik to‘g‘risida anglashuv memorandumi imzolandi. Hujjat doirasida Orolbo‘yi hududidagi yerlarni tiklash va cho‘llanishga qarshi kurash bo‘yicha yirik qo‘shma loyihani amalga oshirish ustuvor yo‘nalish sifatida belgilandi. Bunda "Koreya–Mo‘g‘uliston yashil kamari" ("Korea–Mongolia Greenbelt") loyihasi tajribasidan foydalaniladi. Shuningdek, 2027–2029-yillarga mo‘ljallangan hamkorlik “Yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqish, O‘zbekistonda 27 ta botanika va dendrologiya bog‘ini tashkil etish dasturi doirasida Koreyaning tegishli tashkilotlari bilan hamkorlik qilishga kelishib olindi.
AFoCO bilan uchrashuvda O‘zbekistonning tashkilotga qo‘shilish jarayonlarini yakunlash va qo‘shma loyihalarni ishga tushirish bo‘yicha aniq qadamlar belgilandi. Jumladan, Farg‘ona viloyatida O‘zbekiston – AFoCO – KT&G “Green Globe Project Uzbekistan Pine Forest” loyihasini 2027–2029-yillarda Koreya Respublikasi mablag‘lari hisobidan amalga oshirish rejalashtirildi. Bundan tashqari, yuqori texnologiyali ko‘chatxonalar, in vitro laboratoriyasini modernizatsiya qilish, uglerod loyihalari va qurg‘oqchilikka chidamli ekinlarni tijoratlashtirish bo‘yicha uchta yangi loyiha tayyorlanadi. Orolbo‘yi landshaftlarini keng ko‘lamda tiklash uchun GCFga qo‘shma ariza tayyorlash ham ko‘zda tutilgan.
Bundan tashqari, KNPS bilan muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni boshqarish, bioxilma-xillikni saqlash, ekoturizm va ekologik ta’lim sohalarida hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzolandi. Birinchi pilot loyiha sifatida “O‘zbekiston – Koreya” namunaviy milliy bog‘ini tashkil etish belgilandi. Shuningdek, zamonaviy tashrif buyuruvchilar markazi, tog‘ qo‘riqchilari va qidiruv-qutqaruv xizmati, milliy bog‘larni zamonaviy texnika bilan jihozlash hamda muhofaza etiladigan hududlar uchun yagona raqamli monitoring markazini yaratish masalalari bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
Ma'lumot uchun, Aziz Abduhakimov Koreya Respublikasida o‘tkazilgan O‘rmonlar va iqlim masalalari bo‘yicha Koreya – Markaziy Osiyo vazirlar forumi hamda Vazirlar dialogida ham ishtirok etdi. Unda O‘zbekiston tomonidan Markaziy Osiyoda “yashil" hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha yangi tashabbuslar ilgari surildi.







