Xorazm milliy tabiat bog‘ida sariq yumronqoziq tasvirga olindi
2026-09-14 10:40:00 / Yangiliklar

Sariq yumronqoziq Markaziy Osiyo cho‘l va dasht ekotizimlarida uchraydigan yirik kemiruvchilardan biri bo‘lib, O‘zbekistonda ham tarqalgan. Asosan cho‘l, chala cho‘l, qumloq dasht va quruq tekisliklarda yashaydi. O‘zbekistonda turli tabiiy hududlarda, jumladan janubiy hududlarda uchrashi qayd etilgan. U yer ostida inlar qazib, shu inlarda yashaydi. Ayrim joylarda bir nechta individlar bir-biriga yaqin inlarda yashab, koloniya hosil qiladi.
Sariq yumronqoziq kunduzgi hayvon. Odatda, ertalab va salqinroq paytlarda faolroq bo‘ladi. Issiq sharoitda esa ko‘proq inida yashirinadi. Qishda uyquga ketadi. Ayrim sharoitlarda yozgi uyqu holati ham kuzatilishi mumkin. Asosan, o‘simlikxo‘r bo‘lib, urug‘lar, poya, barglar va o‘simliklarning yer osti qismlari bilan oziqlanadi. Tanasining rangi, odatda, sarg‘ish yoki qum rangiga yaqin bo‘lib, bu cho‘l muhitida yaxshi niqoblanishiga yordam beradi.
Sariq yumronqoziq cho‘l ekotizimining muhim tarkibiy qismidir. U tuproqni kavlab, uning tuzilishiga ta’sir qiladi, o‘simlik urug‘larining tarqalishida ishtirok etadi, yirtqich qushlar va sutemizuvchilar uchun ozuqa bo‘lib xizmat qiladi va cho‘l oziq zanjirida muhim o‘rin tutadi. Masalan, Orolbo‘yi hududida sariq yumronqoziq ayrim yirtqich qushlar uchun ozuqa sifatida qayd etilgan.
Ma'lumot uchun, Xorazm milliy tabiat bog‘i Xorazm viloyatining Urganch, Yangibozor, Xiva, Xonqa va Tuproqqal'a tumanlarida joylashgan bo’lib, 2019-yil 14-dekabrda tashkil topgan. Hududda chiyabo'ri, qirg'ovul, yovvoyi o'rdak, yumronqoziq, tolay tovushqoni (quyon), qora qarg'a va dala chumchuqlari ko‘p uchraydi.

