TOSHKENT SHAHRIDA 2,5 GEKTARDAN ORTIQ YER MAYDONIGA EGA OBYEKT 244,3 MLRD SO‘MGA SOTILDI
2026-11-23 17:00:00 / Yangiliklar

Poytaxtning Yashnobod tumanida joylashgan yirik ko‘chmas mulk obyektini sotish bo‘yicha auksion bo‘lib o‘tdi. 23-noyabr kuni “E-auksion” elektron platformasida o‘tkazilgan ochiq savdolar yakunlariga ko‘ra, obyekt 244,3 mlrd so‘mga sotildi.
Auksion savdolariga 2,58 gektar yer maydonida joylashgan noturar obyekt chiqarildi. Hududdagi bino va inshootlarning umumiy maydoni 4 729 kvadrat metrni tashkil etadi.
Obyektning boshlang‘ich qiymati 241,9 mlrd so‘mga baholangan. Auksion natijalariga ko‘ra, u 244,3 mlrd so‘mga sotildi.
Mazkur obyekt O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 24-martdagi PQ-102-son qarorida belgilangan davlat mulkini ochiq elektron savdolar orqali sotish mexanizmlari doirasida realizatsiya qilindi.
“E-auksion” elektron platformasida auksion savdolarini o‘tkazish xususiylashtirish jarayonining ochiqligi va raqobatbardoshligini ta’minlashga, shuningdek, investorlar uchun davlat aktivlarini shaffof shartlar asosida sotib olish imkoniyatini yaratishga xizmat qiladi.
Davlat aktivlari agentligi
matbuot xizmati
